Xalqaro tibbiyot jurnali va shifokorlar uyushmasi

O‘zbekistonda CaPhEx 2026 (Central Asia Pharma Expo) xalqaro farmatsevtika ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

83 koʻrish

O‘zbekistonda CaPhEx 2026 (Central Asia Pharma Expo) xalqaro farmatsevtika ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 27–28-oktabr kunlari Toshkent shahridagi Anhor Park majmuasida CaPhEx 2026 xalqaro farmatsevtika ko‘rgazmasi va konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur xalqaro tadbir farmatsevtika sanoatining yetakchi vakillari, mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar, investorlar, distribyutorlar hamda soha mutaxassislarini bir maydonda birlashtirdi. Ko‘rgazmada 120 dan ortiq kompaniya ishtirok etib, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, innovatsion mahsulotlar va farmatsevtika sohasidagi yangi yechimlarni namoyish etdi.

O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining salohiyati namoyish etildi

O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi CaPhEx 2026 ko‘rgazmasida ishtirok etib, mamlakatimiz farmatsevtika sanoatining investitsiyaviy salohiyati, mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari hamda tarmoqni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni xalqaro hamjamiyatga taqdim etdi.

Agentlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari — farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar transferini rag‘batlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini kengaytirish va xorijiy kompaniyalar bilan uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan iborat ekani ta’kidlandi.

Xalqaro standartlar va innovatsion ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi

Ko‘rgazma doirasida farmatsevtika mahsulotlari sifatini ta’minlash, xalqaro standartlarni, jumladan, GMP talablarini joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish hamda mahalliy korxonalarning eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, innovatsion dori vositalarini ishlab chiqarish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Investitsiyalar va xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratildi

CaPhEx 2026 mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, yangi investitsiya loyihalarini muhokama qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini belgilash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

Tadbir davomida xorijiy ishlab chiqaruvchilar va investorlarni O‘zbekiston farmatsevtika bozorining imkoniyatlari bilan tanishtirish, yangi sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

CaPhEx 2026 xalqaro ko‘rgazmasi O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining xalqaro maydondagi salohiyatini namoyish etish, investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xorijiy hamkorlar bilan aloqalarini kengaytirish uchun muhim imkoniyat yaratdi.

Tashkilotchilar tomonidan taqdim etilgan press-reliz materiallari
asosida Medical Express muxbiri tayyorladi.